Oʻzbekiston “Adolat” SDP tuman Kengashi tashabbusi bilan Juma shahrida “Yangi Oʻzbekistonda yangicha saylovlar” shiori ostida targʻibot tadbiri bo'lib o'tdi

Shu yilning 24-oktyabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tuman Kengashi tashabbusi bilan Juma shahri markazidagi “Yangi Oʻzbekiston” maydonida “Yangi Oʻzbekistonda yangicha saylovlar” shiori ostida oʻtkazilgan targʻibot tadbirida tuman umumtaʼlim maktablari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, yoshlar yetakchilari, ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar, otinoyilar, yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirda partiyaning viloyat Kengashi vakillari, deputatlar soʻzga chiqishib, tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar, saylovoldi tadbirlari, mamlakatimizda inson manfaatining ustunligi, obod yurtda yashash va mehnat qilish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar toʻgʻrisida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

- Nabiram Afzaljon hali 2-sinf oʻquvchisi, ammo men bilan tadbirlarda qatnashishga ishtiyoqmand, - dedi partiya faoli Zebo Toʻrayeva. - Qarang, hozir ham qoʻliga bayroqcha tutib, unda aks ettirilgan ramzlarni soʻzlab berayapti. Oilada barchamiz uni “Yosh adolatchi” deb erkalaymiz.

Tadbir davomida SamISMI iqtidorli oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiq va raqslar ishtirokchilar koʻngliga koʻtarinkilik baxsh etdi.

- Bu kabi saylovoldi targʻibot tadbirlari hali davom etadi, - dedi “Adolat” SDP tuman Kengashi raisi Xonbuvi Hayitova.

2015-2024 © Пастдарғом туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM