Mahalla – jamiyatimizning mustahkam o‘zagiga aylanmoqda

Aziz tumanimiz ahli! Qadrli mahalla tizimi xodimlari!

Avvalo, barchangizni bahoriy bayramlar, qolaversa, 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Bundan uch yil avval “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilingan edi. Shu asosda, mahalla tushunchasi yangicha ohang va ahamiyat kasb etdi. O‘tgan qisqa vaqt ichida tizimning obro‘-e’tiborini ko‘tarish, mahallani xalq ishonchini qozongan maskanga aylantirish borasida ulkan islohotlar amalga oshdi. Muhtaram Yurtboshimiz ilgari surgan “Mahalla raisi – islohotchi” g‘oyasi bunda ayniqsa muhim omil bo‘layotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Joriy yil boshidan jarayonlar yanada jadallashganiga barchamiz guvoh bo‘lyapmiz. Endilikda, har bir mahallada iqtisodiy masalalarga mas’ul bo‘lgan hokim yordamchilari, yoshlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi yetakchilar faoliyat yuritmoqda. Yaqinda mamlakatimizda oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qayta tashkil etildi. Uning quyi negizi sifatida ayollar faoli lavozimi joriy qilinmoqda. Demak, mahallalar hududlardagi kichik hokimlikka aylandi, desak mubolag‘a emas.

Aziz do‘stlar!
Aslida har bir islohot zamirida xalqimiz turmushini farovon qilish maqsadi yotibdi. Bunda Prezidentimiz Siz, azizlarga ishonayotgani, suyanayotgani faxr-iftixordir. Buning mas’uliyatini his qilish, ishonchga munosib harakat qilish oldimizda turgan vazifa, deb bilaman. Shunda xalqimiz ham bizdan rozi bo‘ladi. El-yurt ichida izzat topamiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga to‘kinlik tilayman. Vatanimiz va xalqimiz oldidagi mehnatingizga munosib, saodatli umr kechirishingizni Yaratgandan tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Shunqor Xudayberdiyev,
Pastdarg‘om tumani hokimi.

2015-2024 © Пастдарғом туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM