Biz o’ttiz yilga kechikdik

         O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘lgan bo‘lsa-da hanuzgacha lavhalar, e’lonlar, narxnomalar, peshlavhalar, maishiy xizmat ko‘rsatish joylarining nomlari chet (ingliz, rus, fransuz va boshqa) tillarda yoki o‘zbek tilida yozilsa ham xato yozilayotganligiga guvohi bo‘lmoqdamiz. Vaholanki, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonuning 20-moddasida “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin” deb belgilab qo‘yilgan.

         Eng achinarlisi, davlat tilida yozilgan katta-katta peshlavhalar-u, e’lonlarning aksariyatida imloviy xatolarning borligi yoki 1995-yildan buyon lotin yozuviga o‘tganligimiz, ammo ta’lim tizimidan tashqari boshqa sohalarda ish yuritish ishlari kirill alifbosida yoki rus tilida olib borilayotganligi ham kishining dilini xira qiladi. Birgina Samarqand shahridan Past Darg‘om tumani markaziga kelguncha yo‘l yoqasidagi bir hududdan boshqa bir hududga o‘tganligini bildiruvchi nomlar; shahar, mahalla va aholi punktlari nomlari aks etgan peshlavhalardagi xatoliklarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, juda ko‘plab imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilganligiga guvoh bo‘lamiz. Haqli savol tug‘iladi: haydovchi piyodaga yo‘l bermasa yoki biror shaxs boshqa biror shaxsga nohaq bir shapaloq tushirsa qonun doirasida tegishli chora ko‘riladi-yu milliy tilimizni buzayotganlarga chora ko‘rilmaydimi? - degan haqli savol tug‘iladi.

 

 

 

 

 

 

Bu kabi qo‘pol xatolardan “dengizdan tomchi” ko‘rsatdik xolos. Bu savodsizligimizdanmi? Yoki davlat tilini hurmat qilmasligimizdan dalolat beradimi? Xatolarni to‘g‘rilash vaqti kelmadimi? Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, astoydil harakat qiladigan bo‘lsak, nafaqat tilimizni, balki boshqa sohalarni ham yuksak darajaga ko‘tara oladigan XALQMIZ.

         Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, barcha tashkilot rahbarlari mazkur masalaga tanqidiy yondashgan holda, o’ziga tegishli tashkilotning  peshlavha, PANO (stend) va hujjatlarini xatosiz va davlat tilida yuritilishiga alohida e’tibor berishi asosiy vazifalaridan biriga aylanishi lozim!

Navbatova Dilfuza Axmatovna,

Past Darg‘om tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi.

 

2015-2024 © Пастдарғом туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM