8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tuman hokimining bayram tabrigi

Assalomu alaykum munis onaxonlar, dilbar opa-singillar!

Bahor fasli yurtimizga kirib kelishi bilan ona tabiat chiroy ochib, atrof-muhit yashil libosga burkanib, ko‘klam nashidasi tobora kuchayib borayotgan ayni shu fusunkor kunlarda aziz ayollarimizni go‘zallik va nafosat ayyomi 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan tumanimiz faollari, keng jamoatchilik,  qolaversa, o‘zim nomimdan samimiy tabriklayman!

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib kelmoqda. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar dunyoda go‘zallik timsoli bo‘lmish Siz, ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.

Qalbimiz quyoshi, hayotimiz gavhari bo‘lgan aziz opa-singillarim!

Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo‘lib kelayotgan Siz, go‘zal va betakror, mehri ummon ayollarimiz haqida ko‘plab ta’riflar keltirish mumkin.

Barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan ayol zoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalambor, bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib voyaga yetkazgan Ona siymosi oldida bosh egib ta’zim qilamiz.

Chunki, umrimiz ma’nosi, oilalar fayzi, xonadonlar tinchligi, farzandlar quvonchi Siz bilan to‘liq, Siz bilan butundir. Bular, albatta, biz bugun o‘ylab topayotgan gaplar emas. Ular asrlar davomida qaror topgan, sayqallangan hayot hikmatlaridir.

Bugun Pastarg‘om tumanining aholisi soni 380 ming 773 nafar bo‘lib, shundan 188 ming 887 nafarini ya’ni 49,6 foizni xotin-qizlar tashkil etadi.

Shu o‘rinda faxr bilan aytmoqchimanki, 200 nafarga yaqin pastdarg‘omlik xotin-qizlarimiz turli yuqori tashkilotlarda, biz erkaklar bilan yelkama yelka turib rahbarlik lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Hurmatli Prezidentimiz g‘oyalari va qo‘llab-quvvatlovida ayolni qadrlash misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mana shunday islohotlar samarsi o‘laroq, 2023 yilning o‘zida 9 452 nafar boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor, ehtiyojmand xotin-qizlarimiz “Ayollar daftari”ga kiritilib, ular uchun jami 5 milliard 264 million so‘m miqdoridagi moddiy yordam mablag‘lari ajratildi.

Qolaversa, 347 nafar xotin-qizlarmizga tadbirkorlik faoliyati uchun jami 2 milliard 650 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratildi.

Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 376-sonli qaroriga asosan tumanimizdagi   72 ta mahallalarda Xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va sog‘lomlashtirish markazlari tashkil etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyun kuni qabul qilingan  “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini misol qilib keltirishimiz mumkin. Ushbu huquqiy hujjatga asosan o‘tgan yili 205 nafar pastdarg‘omlik talaba qizlarning jami 815 million so‘m kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi.

 Dilbar ayollar!

Bahorning ilk bayrami munosabati bilan tumanimizning dilbar, fidoyi va mehribon xotin-qizlarimizga shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Siz har jabhada ilg‘or, tashabbuskor, ibratlisiz.

Biz bugun o‘zining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan yuzlab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

So‘zimning isboti sifatida  sport yo‘nalishida ulkan yutuqlarga erishgan qizlarimizga to‘xtalib o‘tsam. Nigina Umirzaqova yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan sportning Dzyudo turi bo‘yicha  O‘zbekiston chempioni, Sabina Chakamanova  sportning Boks turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, Sitora Turdibekova sportning Boks  turi bo‘yicha Osiyo chempioni, Shaxina Shuxratova sportning O‘zbek jang san’ati turi bo‘yicha Jahon chimpioni, o‘zining ketma-ket g‘alabalari bilan tumanimiz faxriga aylanib ulgurgan Diyora Keldiyorova yaqinda Ozarbayjonning Baku shahrida o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turniri yakunida Xalqaro dzyudo federatsiyasining yangilangan jahon reytingida 52 kilogramm vazn toifasida
7 984 ochko bilan peshqadamlikni egalladi.

Biz bugun o‘zining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan, shu bilan birgalikda davlat mukofotlariga munosib ko‘rilayotgan ko‘plab pastdarg‘omlik opa-singil-larimizning nomlarini hurmat bilan tilga olishimiz mumkin.

Fursatdan foydalanib, yaxshi bir hushhabarni sizlar bilan bo‘lish-moqchiman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezinti Shavkat Mirziyoyev tamonidan kuni kecha qabul qilingan “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida” farmoniga asosan, Pastdarg‘om tumanidagi 8-oilaviy bolalar uyi rahbari Hamroyeva Gulnoza Mamatmurodovna “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Qilicheva Almajan “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bunday natijalar albatta, har bir pastdarg‘omlik uchun faxr tuyg‘usini beradi.Mukofotlar muborak bo‘lsin, bardavom bo‘lsin.

Ana shunday hurmatli ayollarimizning ko‘pchiligi bugungi uchrashuvda ishtirok etayotgani davramizga yanada fayz bag‘ishlab turibdi.

 

Munis onaxonlar, dilbar opa-singillar!

So‘zim so‘ngida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Mening tilagim va niyatim bitta — oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘ling! Nega deganda, ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.  Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin!  Hamisha sog‘-omon bo‘ling, azizlar!

 

Vahobjon Murodqobilov, Pastdarg'om tumani hokimi

 

2015-2024 © Пастдарғом туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM